Ko’z ostida shish (qovoq shishi) sabablari va davolash usullari

Ko’z tagidagi shish (qovoq shishi) sabablari va davolash usullari

Ko‘z tagidagi shish ko‘pchilik odamlar uchun keng tarqalgan muammo hisoblanadi. Bu holat nafaqat tashqi ko‘rinishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki sog‘liqdagi ayrim muammolarning belgisi bo‘lishi ham mumkin. Ko‘z atrofidagi shishlar sababi ichki a’zolardagi o’zgarishlar bo’lsa ular vaqtida aniqlab davolanilmasa, vaqt o‘tishi bilan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Quyida ko‘z tagidagi shish sabablari va ularni davolash usullari haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Ko‘z tagi nega shishadi?

Ko‘z tagidagi shishning bir necha sabablari mavjud bo‘lib, ularning ba’zilari vaqtinchalik, boshqalari esa uzoq muddatli bo‘lishi mumkin. Shifokor bilan maslahatlashish orqali shish sabablari aniqroq belgilanadi, sabablar quyidagilardan iborat:

1. Uyquning yetishmasligi

Yetarlicha dam olmaslik va uyquning me’yorda bo‘lmasligi ko‘z tagidagi shishning eng keng tarqalgan sabablardan biridir. Kechasi yetarlicha uxlashga ulgurmagan odamlar ertalab ko‘z taglarida shish, ko‘z ostidagi qora halqalar bilan uyg‘onishi mumkin.

2. Suvsizlanish (degidratatsiya)

Tanadagi suv yetishmasligi ko‘z ostidagi terida suvsizlik alomatlarini keltirib chiqaradi va bu sohada shish paydo bo‘lishiga olib keladi. Suv balansi tanadagi ko’plab jarayonlarga ta’sir ko’rsatadi, shu jumladan ko’z atrofidagi nozik teriga ham.

3. Gormonal o‘zgarishlar

Ayrim gormonal o‘zgarishlar, masalan, ayollar uchun hayz davri yoki homiladorlik vaqtida, tanada suyuqlik ushlanishiga olib kelishi mumkin. Bu esa ko‘z tagida suyuqlik yig‘ilib, shishib ketishga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari qalqonsimon bez faoliyati buzilganda ham shishlar kuzatiladi.

4. Yosh kattalashishi

Yosh o‘tgan sari ko‘z atrofidagi teri yupqalashadi va elastiklikni yo’qotadi. Bu esa yog‘ va suyuqlikning to‘planishiga olib kelib, ko‘z tagida shish paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

5. Alergiyalar va yallig‘lanish

Alergik reaksiyalar va yallig‘lanishlar ham ko‘z tagida shish paydo bo‘lishining muhim sababi hisoblanadi. Allergenlar ko‘z atrofida suyuqlik yig‘ilishiga va qizarish, shishish, qichishish kabi simptomlarni keltirib chiqarishi mumkin.

6. Genetik omillar (Nasliy)

Ba’zi odamlar ko‘z tagidagi shishga moyillikni genetika orqali meros qilib olishi mumkin. Agar ota-onangizda yoki boshqa yaqin qarindoshlaringizda bunday muammo kuzatilgan bo‘lsa, sizda ham bu holat ko‘proq uchrash ehtimoli yuqori.

7. Ba’zi kasalliklar masalan yurak yoki qon aylanish tizimidagi muammolar. Buyrak kasalliklarida ham ko’z tagida shish paydo bo’ladi. Odatda bu kasalliklar tufayli paydo bo’lgan shishlar kasallikning boshqa belgilari bilan birga keladi.

8. Stress va charchoq

   Stress va charchoq ham ko’z tagidagi shishlarga olib keladi. Ushbu xolatda tanada suyuqlikning taqsimlanishi buzilib ko’z ostida yig’iladi.

Ko‘z tagidagi shishni kamaytirish usullari

Ko‘z tagidagi shishlardan xalos bo‘lish uchun bir nechta samarali usullar mavjud. Ularning ba’zilari uy sharoitida bajarilsa, ayrimlari tibbiy yordamni talab qiladi.

1. Yetarli uyqu va dam olish

Sog‘lom uyqu rejimini saqlash ko‘z ostidagi shishlarni kamaytirishga yordam beradi. Har kuni 7-8 soat davomida uxlash va dam olish organizm uchun muhim.

2. Suv ichish rejimini yaxshilash

Kun davomida yetarli miqdorda suv iste’mol qilish tanada suyuqlik muvozanatini saqlaydi va ko‘z ostidagi suvsizlikni oldini oladi. Suv tanqisligi ko‘z atrofidagi shishishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Lekin shishlar buyrak yoki yurak yetishmovchiligi bilan bog’liq bo’lsa suyuqlikni ko’p istemol qilish tavsiya etilmaydi.

3. Sovuq kompresslar

Sovuq kompresslar yoki muz bilan yengil massaj qilish ko‘z tagidagi shishni kamaytirishda samarali bo‘lishi mumkin. Sovuq terining yallig‘lanishini pasaytiradi va qon tomirlarini toraytiradi.

4. Sog‘lom ovqatlanish

Ovqatlanish rejimida ko‘proq meva-sabzavotlar, antioksidantlarga boy mahsulotlar iste’mol qilish, tuz iste’molini kamaytirish tanadagi suyuqlik ushlanishini kamaytiradi va ko‘z ostidagi shishlarni oldini oladi.

5. Alergiyalarga qarshi vositalar

Agar shish allergik reaksiyalar natijasida yuzaga kelayotgan bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashib, allergiyaga qarshi dori vositalarini qabul qilish lozim. Bu dori vositalari allergik yallig‘lanish va shishishni kamaytirishga yordam beradi.

6. Yuzni parvarish qilish vositalari

Maxsus kosmetik vositalar, krem va maskalar ham ko‘z tagidagi shishlarni bartaraf etishga yordam beradi. Ko‘z atrofidagi teri uchun mo‘ljallangan vositalar yallig‘lanishni pasaytirib, terini oziqlantiradi va elastikligini saqlab turadi.

Xulosa

Ko‘z tagidagi shishlarning ko‘plab sabablari bo‘lishi mumkin va ularni kamaytirish uchun turli usullar mavjud. Shishlar boshqa kasallik belgilari bilan birga kelsa bu organizmning buyrak yoki yurak kabi muhim a’zolarining zararlanganligini anglatishi mumkin shu sababli bunday xolatda albatta shifokor ko’rigidan o’tib ko’z ostidagi shish sababini aniqlab olish va zarurat bo’lganda davolash muolajalarini olish kerak. Bizning Hilol Med klinikamizda professional shifokorlarimiz va zamonaviy diagnostika usullari sizni sog’ligingizni tiklashga yordam beradi. Qabulga yozilish uchun xoziroq ro’yxatdan o’ting yoki +998712002303 raqamiga qo’ng’iroq qiling.

Izoh qoldirish

Siz tizimga kirdingiz. Majburiy maydonlar * bilan belgilangan