Yurak atrofida suv to‘planishi (Perikardit).

Yurak atrofida suv to‘planishi (Perikardit). Bu holat yurakni o‘rab turgan parda — perikard (yurak xaltasi) bo‘shlig‘ida ortiqcha suyuqlik yig‘ilishidir. Odatda,normada perikardda juda oz miqdorda 15-50ml, suyuqlik bo‘ladi, lekin turli kasalliklar natijasida bu miqdor oshishi mumkin.

Sabablari:

 • Yallig‘lanish (perikardit): Virusli, bakterial yoki zamburug‘li infeksiyalar, shuningdek, autoimmun kasalliklar (masalan, revmatoid artrit yoki tizimli qizil bo’richa).

 • Yurakdagi jarrohlik amaliyotlari yoki travmamalar: Ko‘krak qafasiga qilingan jarrohlik operatsiyalari yoki jarohatlar.

 • Onkologiya: Saraton kasalligi metastazi perikardga tarqalishi natijasida.

 • Yurak yetishmovchiligi: Turli xildagi yurak kasalliklari sababli paydo bo’lgan yurak yetishmovchiligida yurakning nasos funksiyasi buziladi va suyuqlik tanada, plevra bo’shlig’ida, oyoqlarda va perikardda to’planadi.

 • Buyrak yetishmovchiligi: Buyrak yetishmovchiligida organizmda suvning ortiqcha ushlanib  qolishi va onkotik bosim pasayishi xisobiga perikardda va boshqa bo’shliqlarda suyuqlik yig‘iladi.

  • Gipoteriozda: Qalqonsimon bez funksiyasi buzilib tiroksin gormonlari yetishmasligi natijasida paydo bo’ladi.

Yurak atrofida suv to’planganligining belgilari:

 • Ko‘krakda og‘riq yoki og‘irlik hissi.

 • Nafas qisishi.

 • Yurak urishining tezlashishi (taxikardiya).

 • Qon bosimining pasayishi.

 • Ko‘krakda bosim yoki qisilish, ezilish hissi.

 • Oyoq va qo‘llarda shish.

Diagnostika:

 • EKG (elektrokardiografiya): Yurak ritmidagi o‘zgarishlarni aniqlash maqsadida.

 • Exokardiografiya (UZI, EXOKG): Yurak atrofidagi suyuqlik miqdorini aniq bilish, yurakdagi boshqa struktur o’zgarishlarni baxolash, tamponda xavfini davolash taktikasini tanlash maqsadida.

 • Ko‘krak rentgenogrammasi: Ko‘krak qafasida suyuqlik borligini tasdiqlash uchun qo’shimcha tekshiruv.

 • Kompyuter tomografiyasi (KT) yoki magnit-rezonans tomografiya (MRT): Yanada aniqroq tasvir olish uchun, shifokor tavsiyasi asosida qilinadi.

Davolash:

 • Davolash usuli perikardial suyuqlikning sababiga va miqdoriga bog‘liq. Agar suyuqlik ko‘p bo‘lsa va yurak funksiyasiga ta’sir qilsa, perikardiosentez (bo‘shliqda suyuqlikni chiqarish) amalga oshiriladi.

 • Yallig‘lanishga qarshi dori vositalari (masalan, ibuprofen yoki kortikosteroidlar) perikardit tufayli suyuqlik to’planganda qo‘llanadi.

 • Perikardda suyuqlik to’planishiga sabab bo‘lgan kasallikni davolash (masalan, infeksiya, saraton yoki yurak yetishmovchiligi). Bunda suyuqlik bartaraf qilinishi bilan birga yana qayta to’planishini oldi olinadi.

Bu holat vaqtida aniqlansa, samarali va asoratsiz davolaniladi, lekin kechikkan holatlarda bu yurak tamponadasi (yurakning qisilib qisqara-kengaya olmay qolishi) kabi xavfli asoratlar yuzaga kelishi mumkin.

Yurak siqilib qolishi – Yurak tamponadasi — bu yurak atrofida suyuqlik to‘planishi natijasida yurakning qisqarish va kengayish imkoniyati cheklanishi va qon xaydash qobiliyatining buzilishi. Bu xavfli tibbiy holat bo‘lib, darhol tezkor tibbiy yordam talab qiladi.

Yurak tamponadasining asosiy belgilari:

 1. Nafas qisishi (dispnoe): Yurakning nasos funksiyasi pasayishi sababli organizmga yetarli kislorod yetkazib berilmaydi, bu esa nafas olishning qiyinlashishiga olib keladi.

 2. Ko‘krakda bosim yoki og‘riq: Ko‘pincha to‘satdan paydo bo‘ladi va kuchli bo‘ladi.

 3. Taxikardiya (tez yurak urishi): Yurak tamponadasi paytida yurak organizmni qon bilan ta’minlashga urinadi va tezroq uradi.

 4. Qon bosimining pasayishi (gipotenziya): Yurak atrofidagi suyuqlik bosimi tufayli yurak yetarlicha qon chiqara olmaydi, bu esa qon bosimining pasayishiga olib keladi.

 5. Bo’yin (Yugulyar) venalarning shishishi (bo’yin tomirlari shishishi): Yurakka qaytuvchi qon oqimi sekinlashganda bu tomirlar kengayadi va shishadi.

 6. Sovuq terlash, bezovtalik va xavotir hissi.

 7. Teri rangining oqarishi yoki ko‘karishi (sianoz): Yurak qonni yetkazib bera olmagani natijasida tana to‘qimalariga kislorod yetarli miqdorda yetkazilmaydi va ular avvaliga rangpar bo’lib keyin ko’karadi.

 8. Bosh aylanishi va hushdan ketish: Yurak tamponadasi oqibatida bosh miyaga qon oqimining pasayishi natijasida avvaliga bosh aylanish og’ir xolatlarda esa hushdan ketish kuzatilishi mumkin.

Beck triadasi

Yurak tamponadasining klassik belgilaridan biri Beck triadasi deb ataladi. U quyidagi uch belgidan iborat:

 1. Qon bosimining pasayishi (gipotenziya)

 2. Yugulyar venalarning shishishi

 3. Yurak urishlarining bo‘g‘iq eshitilishi (auskultatsiya paytida yurak tovushlari past eshitiladi)

Bu belgilarning paydo bo‘lishi yurak tamponadasiga shubhalanish uchun jiddiy sabab bo‘lib, tezkor tibbiy yordam talab etiladi shuning uchun bunday xolatlarda zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirib kardioxirurga murojat qilish va tashxis tasdiqlanganda yurak atrofidagi suyuqlikni olib tashlash kerak bo’ladi.

Tamponada kuzatilmagan xolatda yurak atrofidagi suyuqlik medikamentoz ya’ni dori darmonlar yordamida davolab bartaraf etiladi. Agar sizda yoki yaqinlaringizda shunday xolatlar kuzatilayotgan bo’lsa bizning professional jamoamizga murojat qiling biz albatta yordam beramiz. Ko’rikga yozilish.

Telefon: +998712002303

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan